(08.07.2009 15:27:34) | (194 марта ўқилди)

G’asson Kanafaniy
Muallif haqida: Falastinlik mashhur yozuvchi, dramaturg, adabiy tanqidchi hamda jamoat arbobi (1936 - 1972). Akka shahrida tavallud topgan. 1972-yil 36 yoshida Beyrutda ro’y bergan portlash oqibatida halok bo’lgan. Falastin Qarshilik Harakati faol ishtirokchisi. Falastinning “Al-Xadaf” jurnaliga bosh muharrirlik qilgan. “Lotos” mukofoti (o’limidan so’ng) hamda Butunjahon jurnalistlar federatsiyasi diplomi bilan taqdirlangan. To’rtta hikoyalar to’plami, to’rt qissa, ikki adabiy monografiya hamda uchta tugallanmagan asar muallifi. Kanafaniyning “Sizga nima qoldi?” (1966) qissasi asosida Suriyada badiiy film suratga olingan.
Isroil askarlari Ramla – Quddus yo’lining har ikki tomoniga bizni ikki qator qilib saflashgach, “Qo’llar ko’tarilsin!” deya buyruq berishdi. Onam meni quyoshning jazirama nurlaridan saqlash uchun kiyimlari orasiga olayotganini ulardan biri sezib qoldi va nega safdan chiqding, deya o’shqirib, meni sertuproq yo’lning o’rtasiga chiqarib qo’ydi. So’ng qo’llarimni ko’targan holda bir oyoqda turishimni buyurdi.
O’shanda yoshim to’qqizda edi. To’rt soat oldin Isroilliklar Ramlaga qanday kirib kelganlarini ko’rdim. Askarlarning qay tarzda darhol talon-taroj qilishga o’tganlarining guvohi bo’ldim. Ular hatto kampir va qizchalarning zeb-ziynatlarigacha yulib olishdi. Bosqinchilar orasida yuzlari oftobda qoraygan ayollar ham bor edi, ular bosqinda yanada g’ayratliroq ishtirok etishdi.
Onam menga qarab ovoz chiqarmay yig’lardi. Men esa unga, hammasi joyida, quyosh ham uncha qizdirmayapti, deb aytishni rosayam xohladim.[/align]
Men uning bor-yo’g’i edim. Otam halok bo’ldi. Katta akamni bosqinchilar Ramlaga kirganlari zahoti olib ketishdi. U paytlar men onam uchun qanday ahamiyatga ega ekanimni tushunmasdim. Hozir esa Damashqqa kelganimizdan so’ng, onam mensiz qanday yashay olardi, sira tasavvur qila olmayman. Men bilan tonggi gazetalarni kim sotardi, avtobus bekatlarida menga qo’shilib yangiliklarni bor ovoz bilan kim o’qirdi? Quyosh qizdirib, keksalar va ayollarning qaddini bukdi. Har tomondan umidsiz norozilik ovozlari eshitila boshladi. Har kuni Ramlaning tor ko’chalarida men ko’rishga odatlangan bu odamlarga hozir achinish hissi bilan tikilaman. Lekin harbiy kiyimdagi bir yahudiy ayol Abu Usmon tog’amning soqoli ustidan kulishni boshlaganida, ko’nglimdan nimalar o’tganini ifodalab berishim qiyin.
Abu Usmon to’gam aslida mening tog’am emas. U juda kamtar odam, kasbi sartarosh, Ramlada tabiblik ham qilardi. Bolalar uni juda yaxshi ko’rishar, shuning uchun suyib uni tog’ajon deb atashadi.
U qatorda kenja qizi, chaqaloq Fotimani bag’riga bosib turibdi. Fotima esa qora ko’zlarini katta ochib, oldiga kelgan ajnabiy xotinga tikildi.
– Qizingmi?
Abu Usmon qo’rqa-pisa bosh irg’adi, uning ko’zlarida iztirobli hadik bor edi.
Yahudiy ayol avtomatini ko’tarib, qizchaning boshiga to’g’riladi. Shu payt qo’riqchi askarlardan biri oldimga o’tgani uchun Abu Usmonni ko’rolmay qoldim, ammo uch marta qisqa otilgan o’q tovushini eshitdim. So’ng oldim ochilib, Abu Usmonga ko’zim tushdi. Uning yuzi tushkunlikdan o’zgarib ketgandi. Fotimaning boshi shalviragancha osilib qoldi, uning qora sochlari orasidan issiq tuproqqa shuvillagancha qon tomchilari to’kila boshladi…
Abu Usmon karaxt bir ahvolda Fotimaning qoramtir jasadini qari qo’llari bilan ko’targancha indamasdan oldimdan o’tib ketdi.
U odamlar qatori orasidan o’tib tor ko’cha tomon burilarkan, men uning orqasidan bukchaygan tanasiga tikildim.
Abu Usmonning xotini boshini qo’llari bilan quchoqlab yerda o’tirar va entika-entika uvvos solib yig’lardi. Isroil askari qo’li bilan ishora qilib unga o’rnidan turishni buyurdi. Ayol qimir etmadi. Askar uni zarb bilan tepdi. Kampir yuzidan qon oqqancha orqasiga yiqildi. So’ng yahudiy avtomatining uchini uning ko’kragiga tirab tepkini bosdi…
“Oyog’ingni ko’tar!” menga qarab o’shqirdi askar. Men oyog’imni beixtiyor yerga qo’yib olgandim. Buyruqni bajarganimda esa, askar yuzimga ikki marta kuchli zarba bilan urib, so’ng qon yuqi tekkan kaftlarini ko’ylagimga artdi.
Hushdan ketib yiqilishdan o’zimni arang tutib qoldim. Nigohim bilan onamni qidirdim. U qo’llarini ko’targancha hanuz ayollar orasida turardi. Yuzidan yosh oqar, ammo menga qarab jilmayardi. Oyog’im uyushib qoldi, lekin men ham onamga qarab jilmaydim. Unga o’zimni otib, hech qayerim og’rimayapti, yig’lamang, Abu Usmon tog’amdek jim turish kerak, degim kelardi.
Abu Usmonning kirib kelishi xayollarimni chalg’itib yubordi: ko’rinishidan u allaqachon Fotimani dafn qilishga ulgurganga o’xshaydi. U hech kimga qaramasdan o’tib ketdi. Uni yangi zarba kutyapti – chunki xotinini o’ldirishdi, deb o’yladim.
Abu Usmon o’z o’rniga yetib borgach, to’xtadi. Menga faqat uning terdan ho’l bo’lib ketgan bukri yelkasigina ko’rinardi.
U egilib o’lgan xotinini ko’tardi. Tinchlik paytlari men bu xotinni sartaroshxona oldida ko’rardim. Idishlarni olib ketish uchun erining tushlik qilib bo’lishini kutib o’tirardi.
Mana uchinchi bor Abu Usmon entika-entika og’ir nafas olib oldimdan o’tdi, yuzida ter tomchilari yaltirardi.
Odamlar ho’ngrab yig’lab yuborishdan zo’rg’a o’zlarini to’xtatib turishardi.
Ayollar va qariyalar yurakni siqadigan og’ir sukunatga cho’mishdi. Ramlada hamma Abu Usmonni qattiq sevib hurmat qilardi. U juda kamtar, mehnatkashligi bilan taniqli edi. Falastin urushi boshlangach, u bor-budini sotib, evaziga qurol-yarog’ sotib oldi. So’ng ularni, kurashda o’z burchini bajarsin, deb yaqinlariga tarqatdi. Sartaroshxonasini esa o’q-dori va qurol-aslaha omboriga aylantirdi. Ushbu fidoyilik uchun u hech qanday evaz kutmadi. Uning yagona orzusi Ramladagi sersoya qabristonga dafn etilish edi, xolos. Uning bu istagidan Ramladagi barcha aholi boxabar edi.
Onamga qaradim, u qo’llarini ko’targancha qilt etmay turar, lekin diqqat bilan Abu Usmonni kuzatardi. Abu Usmon Isroil askarlari qarshisida to’xtab, sartaroshxonani ko’rsatganicha nimadir deyayotganini ko’rdim. So’ng u o’sha tomonga qarab yurib ketdi va ichkariga kirib bir choyshab olib chiqdi. Xotinining jasadini unga o’rab qabristonga jo’nadi.
Oradan biroz vaqt o’tgach uning og’ir qadamlar bilan charchagan qo’llarini osiltirgancha qabristondan qaytayotganini ko’rdim. U mening yonimga keldi. Usmon tog’am bir lahzada qarib qolganga o’xshardi, kiyimida qon dog’lari. Jazirama quyosh nurlari ostida yorilgan va qon qotgan lablarimni osiltirgancha chang va terga botib yo’l o’rtasida turganimni xuddi endi ko’rgandek u menga bir qarab qo’ydi. Uning nigohida o’sha payt men tushuna olishim mumkin bo’lgan hech narsa yo’q edi. U qatordagi o’z o’rniga kelgach, qo’llarini tepaga ko’tardi.
Odamlarga Abu Usmonni o’zi xohlagan joyga dafn etish nasib qilmadi. Uni so’roq qilish uchun Isroil qarorgohiga olib ketishdi. Bir payt qarorgoh binosini qo’porib tashlagan dahshatli portlash ovozi eshitildi. Abu Usmonning parchalarga bo’linib ketgan tanasi ushbu xarobalar ostida mangu makon topdi…
Biz onam bilan Ramladan qochishga muvaffaq bo’ldik. O’rdunga ketishda, tog’da bizga aytib berishdi: Abu Usmon sartaroshxonaga kirganda o’zi bilan faqat choyshab olib chiqmagan ekan…
Rus tilidan tarjima.
Manba: "Избранные произведения писателей Ближного Востока", Москва, "Прогресс", 1978.
- Мавзу: Бадиий адабиёт
Алоқадор линклар 
Аъзолар:
Охирги аъзо:
Жами аъзолар: 740
Мақолалар