(23.01.2010 11:45:00) | (147 марта ўқилди)
Bilingki, Alloh azza va jalla agar bir bandaga yaxshilikni xohlasa, uning ayblarini o‘ziga ko‘rsatib qo‘yadi. Qaysi bir insonning qalb ko‘zi ochiq bo‘lsa, unga o‘z ayblari bilinmay qolmaydi. Agar ayblarini bilsa, uni davolash mumkin bo‘ladi. Lekin insonlarning ko‘plari ayblarini bilishmaydi. Inson birodari ko‘zidagi ozgina kirni ko‘radi-yu, o‘zining o‘zidagi kattaroq cho‘pni ko‘rmaydi.Kim o‘z ayblarini bilishni xohlasa, uning uchun to‘rtta yo‘l bor: avvalgisi - nafsning aybini ko‘ra oladigan, xufyona ofatlardan xabardor bir shayxning oldida o‘tirishi va uni o‘z nafsiga hokim qilishi hamda harakatlarida uning maslahatiga ergashishi. Bu muridning shayxi va shogirdning ustozi bilan bo‘lgandagi holatidir. Ustoz va shayx unga nafsining ayblarini bildirib qo‘yadi va davosini ham o‘rgatadi. Hozirgi zamonda esa bunday holatning topilishi juda kamyobdir.
Ikkinchisi - rostgo‘y, ayblarni ko‘ra oladigan, diyonatli bir do‘st axtarishi. O’z ahvolotini, ishlarini kuzatib turish uchun uni nafsini kuzatib turuvchi qilib oladi. Do‘st uni o‘zi yoqtirmaydigan yomon xulq va ishlaridan, botiniy va zohiriy ayblaridan ogohlantirib turadi. Din imomlaridan iborat ulug‘ va dono kishilar mana shunday qilishadi.
Umar roziyallohu anhu aytadilar: «Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin». Umar roziyallohu anhu ayblari haqida Salmon roziyallohu anhudan so‘rar edilar. Bir safar u kishining oldilariga kelib: «Men to‘g‘rimda sizga yoqmaydigan nima yetib keldi?» dedilar. Salmon roziyallohu anhu bu to‘g‘rida gapirishni istamadilar. Umar roziyallohu anhu u kishining hol-jonlariga qo‘ymadilar. Shunda u kishi: «Albatta menga sizning bir dasturxonda ikki xil nonxurushni jamlashingiz va kunduziga alohida, kechasiga alohida ikki xil libosingiz borligi yetib keldi», dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: «Yana bundan boshqa narsa ham yetib keldimi?» dedilar. U kishi esa: «Yo‘q», dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: «Mana bu siz aytgan ikki aybimni albatta to‘xtataman», dedilar.
Yana Xuzayfa roziyallohu anhudan ham so‘rar edilar. U kishiga «Siz munofiqlar borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirdoshlarisiz. Menda ham munofiqlikning asaridan biror narsa ko‘ryapsizmi?» dedilar. Umar roziyallohu anhu qadrlarining ulug‘ligiga, mansablarining oliyligiga qaramay, o‘z nafslariga mana shunday gumonda edilar. Aqli yetuk, maqomi oliy har bir kishining manmansirashi ozroq va nafsidan gumondaligi ko‘proq bo‘ladi. Ammo bu holat ham hozir juda kam. Chunki do‘stlarning ichida tilyog‘malikni tark qilib, ayblarini ochiq aytadigani oz topiladi. Yo bo‘lmasa, hasadgo‘ylikni tark qilib, ayb aytishda kerakli miqdordan o‘tkazib yubormaydigani ham sanoqli. Demak, do‘stlaringiz ichida bir hasadgo‘y yoki ayb bo‘lmagan narsani ayb deb
ko‘radigan bir g‘arazgo‘y yo sizdan ba’zi ayblaringizni berkitib yuradigan bir
tilyog‘lamachi topilishidan xoli bo‘lmaysiz. Shuning uchun Dovud at-Toiy insonlardan uzlat qilgan ekanlar. U kishiga «Nima uchun insonlarga qo‘shilmaysiz?» deyilganida u kishi: «Mendan ayblarimni berkitadigan qavmlar bilan nima qilaman?» dedilar.
O’zgalarning tanbehi bilan o‘z ayblaridan ogoh bo‘lish din egalarining xohishlari bo‘lgan. Ichimizdagi holat shu darajaga yetganki, bizga nasihat qiladigan, ayblarimizni bildirib qo‘yadiganlar eng yomon ko‘radiganlarimiz bo‘lib qolgan. Bu holat iymonning zaifligini ifodalaydi. Albatta yomon xulqlar chaquvchi ilon va chayonlardir. Agar bir kishi kiyimimiz tagida chayon bor, deb ogohlantirsa, buni undan bir yaxshilik deb qabul qilamiz. Undan xursand bo‘lamiz va chayonni yo‘qotish, uzoqlashtirish yoki o‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Uning azobi faqat badanning o‘zida bo‘lib, og‘rig‘i ham bir kun yoki undan ham ozroq davom etadi.
Yomon xulqlarning azobi esa qalbning to‘rida bo‘ladi va o‘lgandan keyin ham abadiy yoki ming yillar davom etish xavfi bor. Biz esa mana shulardan ogohlantirayotgan kishidan xursand bo‘lmaymiz. Ayblarni yo‘qotishga harakat ham qilmaymiz, balki nasihatgo‘yning so‘zini o‘ziga qaytarish bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Unga o‘zing ham falon, falon ishlarni qilasan-ku, deymiz. U bilan o‘rtamizdagi adovat uning nasihatlaridan foydalanishdan bizni to‘sib qo‘yadi. Bular gunohlarning ko‘pligidan hosil bo‘lgan qalb qoraligi sabablidir. Bular hammasining asli iymonning zaifligidandir.
Alloh azza va jalladan bizni to‘g‘ri yo‘lga ilhomlantirishini, ayblarimizni ko‘rsatib
qo‘yishini, ayblarimizni davolash bilan mashg‘ul qilib qo‘yishini, kamchiliklarimizdan xabardor qiladigan kishilarga tashakkur aytishga muvaffaq qilishini O’zining fazli va ehsoni bilan so‘raymiz.
Uchinchisi - o‘z ayblarini dushmanlari tilidan bilib olish. Chunki g‘azab ko‘zi (ya’ni, dushmanning g‘azablangan vaqtdagi qarashi) kamchiliklarni oshkor qilib yuboradi. Ehtimol, insonning ayblarini zikr qiluvchi, ginachi dushmanidan foyda ko‘rishi doim uni maqtaydigan va ayblarini berkitadigan, tilyog‘lamachi do‘stidan foydalanishidan ko‘proqdir. Lekin inson tabiati dushmanning so‘zini yolg‘onga chiqaradigan va u gapirayotgan so‘zni hasadgo‘ylikka yo‘yadigan qilib yaratilgan. Ammo ko‘zi ochiq inson dushmanining so‘zidan foydalanib qolishdan voz kechmaydi, chunki uning kamchiligi dushmanlarining tillari bilan ochilishida shak yo‘q.
To‘rtinchisi - insonlarga qo‘shilib yurish. Xalq o‘rtasida yomonlangan har bir narsani o‘z nafsidan axtarsin va uni ana shu yomonlikka nisbat bersin. Chunki mo‘min mo‘minning oynasidir. Boshqa kishining aybi orqali o‘z aybini ko‘rib oladi. Tabiatlar havoyi nafsga ergashishda bir-biriga yaqinligini ham biladi. Tengdoshlardan biri nima bilan sifatlansa, ikkinchisi ham shu sifatning aslidan yoki undan ham kattaroqdan yo o‘sha sifatning biror narsasidan ham xoli bo‘lmaydi. O’z nafsini tekshirsin va uni boshqalar yomonlaydigan narsalardan poklasin. Mana shularning o‘zi sizga odob berishga kifoya qiladi. Agar insonlarning har biri boshqalarda yomon ko‘radigan narsalarini tark qilganlarida edi, ular odob beruvchilardan behojat bo‘lishardi.
Iso alayhissalomga «Sizga kim odob-axloqni o‘rgatgan?» deyishdi. Shunda u kishi: «Menga odobni hech kim o‘rgatgan emas, (balki) nodon kishining nodonligini ayb deb ko‘rdim, undan saqlandim», dedilar. Bularning hammasi taqvodor, ziyrak, nafsning ayblarini ko‘ruvchi, dinda nasihatgo‘y, o‘z nafsini poklab bo‘lgan, Alloh taoloning ibodatgo‘y bandalarini poklash bilan mashg‘ul bo‘lib, ular uchun nasihatgo‘y bir shayx topa olmagan kishilarga aytilgan yo‘ldir. Ammo kim o‘ziga mana shunday shayxni topgan bo‘lsa, u o‘ziga bir tabib topibdi. Uni mahkam ushlasin va shu tabib kasalidan xalos qiladi. Yaqiniga kelib qolgan halokatdan qutqaradi.
Abu Homid G‘azzoliy, “Ihyou ulumid-din”
- Мавзу: Мақолалар
Алоқадор линклар 
Аъзолар:
Охирги аъзо:
Жами аъзолар: 740
Мақолалар