(29.01.2010 11:00:00) | (59 марта ўқилди)
Ulug‘ mutasavviflar murid zikrga qo‘shgan har narsa ozlik va ko‘pligiga ko‘ra sayri sulukning tezligini kamaytirishi va (nafs ustidan. - Tarj) fathni kechiktirishi xususida ham ittifoq qilganlar. Ular yana bunday deyishgan: "Shayx muridiga Allohni til bilan azm - shijoat va kuchli zikr qilishini buyurishi lozim. Muridda bu ko‘nikma hosil bo‘lgach, endi zikr payti til va dil birligiga ahamiyat berishini uqtirish kerak. "Zikr asnosida o‘zingni Rabbing huzurida turgandek tasavvur qil, zikr abadiy tarzda qalbingdan joy olib, zikr tufayli senda bir hol hosil bo‘lgunga qadar, barcha a’zolaring Allohdan g‘ofil qolishlikni qabul etmaydigan tom ma’nodagi zokir bo‘lmaguningcha zikrni tark etma, farzlar va muakkada (ta’kidlangan) sunnatlarni qanday bo‘lsa, shunday bajar (ularga qo‘shimcha qilma. - Tarj.), na Qur’on, na boshqa narsa o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lma", deya so‘zlashi lozim.Shubhasiz, bu Haq taoloning azamatini tanigan komillarning biridir. Shundan so‘ng muridga tadrijiy tarzda oz-ozdan och qolishini, bekorchi gaplar va uyquni kamaytirishini, insonlardan uzoqlashishni aytmog‘i kerak. Shubhasizki, bu jarayonda tavhid ila mashg‘ul bo‘lishi lozim, yo‘qsa, tavhid nuridan hosil bo‘lgan hamma narsani ovqatlanish va gaplashish zulmati so‘ndiradi. Bu holat tariqat arkonida o‘rnashgan bir xususdir...
Haqiqiy shayxlar muridlarini shunday tarbiyalaydilarki, murid tana a’zolarini oshiqcha qiynab emas, balki tabiiy ravishda Alloh roziligiga erishadilar. "Zikrni jahriy qilsin" so‘zining ma’nosi shuki, jahriy zikr boshqalar bilan birga bo‘lish (istak, kayfiyat. - Tarj) o‘zida ustun bo‘lgan kimsa uchun foydalidir. Agar xufyona va yumshoq bir tarzdagi zikr yuksalish, ilgariga siljishni ta’minlamayotgan bo‘lsa, jahriy zikr kerak. Jahriy zikr rifq (yumshoqlik, sokinlik) bilan bo‘lmog‘i kerak. Rifqsiz jahriy zikr to‘xtalishi maqsadga muvofiqdir.
"Kuchli" so‘zidan maqsad murid chin ixlos bilan zikr qilishi kerak, deganidir. Murid Rabbini kuchli va azm ila zikr qilgan payt tariqat maqomlari hech kechikmay, tez sur’atda bir-bir bosib o‘tiladi. Hatto boshqalar bir oyda va yanada ko‘proq vaqt ichida o‘tolmagan (yo‘l)ni bu murid bir soatda bosib o‘tadi.
Ba’zilari aytadiki, murid vujudida hech bir bo‘shliq qolmaguncha, boshdan-oyoq barmoqlari ham titraydigan tarzda zikr etishi kerak. Bunga quyidagi oyati karima mazmuni dalildir: "So‘ngra shunday mo‘‘jizalarni ko‘rgandan keyin ham qalblaringiz qotdi. U qalblar toshlar kabidir. Hatto undanda qattiqroqdir, chunki shunday toshlar borki, ulardan daryolar otilib chiqadi, yana shunday toshlar borki, Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emasdir" (Baqara surasi, 74-oyat).
Shunday toshlar borki, faqat kuch bilan sinadi. Zikr ham shunday kuchga ega. U kuchli bo‘lsagina ba’zi tosh qotgan qalblarga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Zikr jamoat ichida bo‘lishi kerak. Chunki jamoat orasidagi zikr pardaning ko‘tarilishida ko‘proq yordam beradi.
Salaf va xalaf olimlar majlislarida va boshqa joylarda jamoat bilan birga risoladagidek qilingan zikrullohning mustahab ekani borasida ittifoqdirlar.
Imom G’azzoliy insonning yolg‘iz o‘zi qilgan zikr bilan jamoat ichidagi zikrini tanho kishi aytgan azon bilan jamoat bilan aytgan azonga o‘xshatgan va bunday degan: "Muazzinlarning jam bo‘lib aytgan azon saslari-ning ta’siri yakka kishining aytgan azonidan kuchliroqdir. Jam bo‘lib aytilgan azon go‘yo havoni (osmonni) teshib ketadi. Alloh taolo qalblarni toshga o‘xshatganligidan ham ma’lum bo‘lmoqdaki, jamoat zikri qalbdagi g‘aflat pardasini olib tashlanishiga sabab bo‘ladi. Shu narsa haqiqatki, bir ulkan tosh ham ko‘pchilikning sa’y-harakati bilan yoriladi. Chunki jamoatning quvvati yakka shaxsning quvvatidan ustun bo‘ladi".
"La ilaha illalloh" tanho aytilgani yoki "Muhammadur-rasululloh" bilan aytilgani
fazilatlimi? deb so‘ralsa, javob ushbudir: Soliklar zikrida afzali - qalblarda Alloh bilan birgalik holi hosil bo‘lgunga qadar faqat "La ilaha illalloh", shundan so‘ng "La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh" zikri yanada fazilatlidir.
Buning izohi bunday: "Muhammadur rasululloh" iqrordir. Iqror esa umrda bir marotaba ham kifoya. Tavhid kalimasining takroridan maqsad nafsning pardalaridan qutulish uchun dalilni ko‘paytirmoqdir. Zokir zikrga boshlamasdan oldin Alloh taoloning azamatini yodda tutishi kerak.
Shayx Abubakr al-Kanoniy rahmatullohi alayh aytganlar: "Banda zikr etarkan, Allohni ulug‘lashi zikrning odob va shartlaridan sanaladi. Uni ulug‘lamagan kimsa zikrdan foyda ko‘rolmaydi".
Shuningdek, yana bunday deganlar: "Allohga qasamki, Alloh taolo O’zini zikr etishni farz qilmaganda, Uni zikr etishdan oldin men kabi bir qul, ming bor tavba qilgan holda og‘zimni yuvmay Uni zikr etishga jur’at qilolmagan bo‘lardim".
Mashoyixi kirom, yigirmaga yaqin zikr odobiga rioya qilmagan kimsaning zikri foydasiz, fayz-barokotdan uzoq ekani borasida ittifoqdirlar.
Zikr boshlamasdan avval har xil so‘zlardan tavba qilmoq, zikrdan so‘ngra shukrni ko‘paytirmoq, zikr tugashi bilan ichimlik ichmaslik, xalq haqlarining sayri sulukka yordam beradigan miqdori bilangina mashg‘ul bo‘lmoq zikrning odoblaridandir.
Alloh taolo zikrida, shukrida bardavom bo‘lmoqni nasibi ro‘zi aylasin.
Imom Sha’roniy, “Ibodat va zikr ahliga tavsiyalar”
- Мавзу: Мақолалар
Алоқадор линклар
Аъзолар:
Охирги аъзо:
Жами аъзолар: 733
Мақолалар