Янгиликлар | Qalb kasalliklarini davolashdagi yo‘l (1)

Qalb kasalliklarini davolashdagi yo‘l (1)

(03.02.2010 11:55:00) | (121 марта ўқилди)
Qalb kasalliklarini davolashdagi yo‘l – shahvatlarga ergashishni tark qilish
ekaniga shar’iy dalillar va qalb ko‘zi ochiq kishilardan naql qilingan dalillar
bayoni


Bilingki, agar yuqorida zikr qilgan narsalarimiz to‘g‘risida e’tibor nazari bilan fikr
qilsangiz, qalb ko‘zlaringiz ochiladi. Yana siz uchun qalblarning illati, kasalliklari, ilm va ishonch nuri bilan uning davolari ham zohir bo‘ladi. E’tibor bilan fikr qila olmasangiz, o‘rganish va taqlid qilishga haqli kishiga taqlid qilish yo‘liga ko‘ra ishonishingiz va tasdiq qilishingiz lozim. Chunki ilm uchun daraja, ya’ni yuksalish bo‘lgani kabi iymon uchun ham daraja, ya’ni yuksalish bordir. Ilm iymondan keyin hosil bo‘ladi. Alloh taolo aytadi:

«Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-
martabalarga ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat).

Qaysi bir inson shahvatlarga xilof qilish Alloh azza va jallaga eltuvchi yo‘l ekanini tasdiq qilsa-yu, uning sababi va sirini bilmasa ham, u iymon keltirgan kishilardandir. Agar yuqorida zikri kelgan shahvat yordamchilaridan xabardor bo‘lsa, u ilm ato qilingan zotlardandir. Har ikkisiga ham Alloh taolo jannatni va’da qilgan.

Mana shu ishga iymon keltirishni taqozo qiladigan narsalar Qur’onda, sunnatda va ulamolar so‘zlarida hisobsizdir. Alloh taolo aytadi:

«Nafsini havoyi xohishlaridan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina
(uning uchun) joy bo‘lur» (Van-noziot surasi, 40-41-oyatlar).

Yana aytadi:
«Ana o‘shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan (ya’ni, taqvo
imtihonidan o‘tgan) zotlardir» (Hujurot surasi, 3-oyat).

Aytiladiki: «Ularning qalblaridan shahvatlar muhabbati sug‘urib olingandir».

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mo‘min kishi beshta og‘irlikning (ya’ni, qiyinchilikning): unga hasad qiladigan mo‘minning, uni yomon ko‘radigan munofiqning, u bilan urishadigan kofirning, uni adashtiradigan shaytonning, u bilan tortishadigan nafsning qarshisidadir» (Abu Bakr ibn Bilol rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafsning tortishuvchi dushman ekanligini, u bilan kurashish vojibligini bayon qilganlar.

Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Dovud alayhissalomga vahiy qildi: «Ey Dovud,
ashoblaringizni shahvatlaridan ko‘ra yeyishlaridan ehtiyot qiling va qo‘rqiting, chunki dunyo shahvatlari bilan bog‘langan qalblarning aqllari Mendan to‘silgandir». Iso alayhissalom aytadilar: «Naqd bo‘lgan shahvatni ko‘rmayotgan, g‘oyibdagi va’da qilingan narsa uchun tark qilgan kishiga jannat bo‘lsin».

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jihoddan qaytib kelgan qavmlariga «Xush
keldingiz, sizlar kichkina jihoddan katta jihodga keldingiz», dedilar. Shunda: «Ey Rasululloh, katta jihod nima?» deyishdi. «Nafsga jihod qilish», dedilar u zot (Bayhaqiy rivoyati). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mujohid Alloh azza va jallaga itoat qilishda nafsiga jihod qilgan kishidir» (Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Nafsingga aziyat berishdan o‘zingni tiy, uning Allohga osiy bo‘lishdagi istagiga ergashma, agar shunday qilmasang, qiyomat kuni sen bilan xusumatlashadi. Sening ba’zi (a’zoying) ba’zi (a’zoyingni) la’natlaydi. Magar Alloh taolo kechirgan va satr qilgan bo‘lsa, la’natlamaydi» (hadis bundan boshqacha lafzda kelgan).

Sufyon Savriy aytadilar: «Nafsimdan ko‘ra qiyinroq biror narsani muolaja qilmadim, bir marta foydamga, bir marta esa zararimga bo‘ldi». Abul Abbos al-Muvsiliy o‘z nafslariga aytardilar: «Ey nafsim, yo dunyoda podshohlarning o‘g‘illari bilan ne’matga burkanib yurmaysan, yo oxiratning talabida ibodatgo‘ylar bilan harakat qilmaysan, go‘yo seni jannat bilan do‘zaxning o‘rtasida ushlanib qolgan holingda ko‘ryapman, ey nafsim, uyalmaysanmi?!» Hasan Basriy aytadilar: «Qattiq yuganlashga hurkovuch otdan ko‘ra ham nafs muhtojroqdir».

Yahyo ibn Maoz ar-Roziy aytadilar: «Nafsingga riyozat qilichlari bilan jihod qilgin. Riyozat esa to‘rt xil bo‘ladi: ovqatlanish juda oz miqdorda bo‘lmog‘i, uyquning ham juda yengil bo‘lmog‘i, so‘zlashishning hojatdan ziyoda bo‘lmasligi, xalqning hammasidan aziyatni ko‘tarish. Taomni ozaytirishdan shahvatlarning o‘lishi hosil bo‘ladi. Uyquning ozligidan sof irodalar paydo bo‘ladi. So‘zning ozligidan ofatlardan salomatlik hosil bo‘ladi. Aziyatlarni ko‘tarishdan maqsadlarga yetiladi. Bandaga jafo ko‘rgan vaqtda halimlik qilishdan va aziyatga sabr etishdan ko‘ra qattiqroq narsa yo‘q. Agar nafsda shahvat va gunohlarga xohish harakatlanib, shu sababli ko‘p gapirish ilinji qo‘zg‘olib qolsa, taomni ozaytirish qilichlarini tajahhudga turish va uyquni kamaytirish qinidan sug‘urasan hamda e’tiborsizlik va kamgaplik qo‘llari bilan uni urasan. Shunda zulm va o‘ch olishdan to‘xtab, boshqalarning orasida ham uning kulfatidan tinch bo‘lasan. Nafsingni shahvat zulmatidan poklab, halok qiluvchi ofatlaridan qutulasan. Shu paytda pokiza va ruhiy yengil bo‘lib, yaxshiliklar maydonida javlon urib yurasan. Maydonda qochib yurgan ot kabi toat yo‘llarida sayr qilasan. Yana o‘zini pokiza tutib bo‘stonda yurgan podshoga o‘xshab sayr qilasan». Yana aytdilar: «Insonning dushmani ham uchtadir: uning dunyosi, shaytoni va nafsi. Dunyodan unda zohidlik qilish bilan saqlan. Shaytondan unga xilof qilish bilan saqlan. Nafsdan shahvatlarni tark qilish bilan saqlan».

Ba’zi hukamolar aytadilar: «Qaysi bir insonga nafsi ega bo‘lib olsa, nafsining xohishlarini yaxshi ko‘rishda asirga va havosining zindonida mahbusga aylanadi hamda mag‘lub holda uning tizgini nafsining qo‘lida bo‘ladi, uni xohlagan tomonga tortadi. Uning qalbini foydali narsalardan to‘xtatib qo‘yadi».

Ja’far ibn Hamid aytadilar: «Ulamolar va hukamolar (oxirat) ne’mati faqat (dunyo) ne’matini tark qilish bilangina topilishiga ittifoq qilishgan». Abu Yahyo al-Varroq aytadilar: «Kim a’zolarini shahvatlar bilan rozi qilsa, qalbiga nadomat daraxtini ekibdi». Vuhayb ibn Vird aytadilar: «(Ovqatlanishda) nonga yana boshqa narsani ziyoda qilish (ya’ni, qo‘shib yeyish) shahvatdandir». Yana aytadilar: «Kim dunyo shahvatlarini yaxshi ko‘rsa, u xorlikka tayyorlanaversin».

Rivoyat qilinishicha, Yusuf alayhissalom yer xazinalariga ega bo‘lganlaridan keyin Azizning xotini (ya’ni, Zulayho) a’yonlari bilan birga keladigan kunlari u kishini tepalikda kutib o‘tirdi. U kishi mamlakatning buyuklaridan o‘n ikki ming kishi ichida otga minib kelardilar. Ayol Yusuf alayhissalomga qarab: «Podshohlarni osiyliklari tufayli qul qilib qo‘ygan va qullarni O’ziga itoat qilganlari uchun podshoh qilib qo‘ygan Zotni poklayman», dedi. Albatta hirs va shahvat podshohlarni qulga aylantiradi. Bu esa buzg‘unchilarning jazosidir. Sabr va taqvo qullarni podshohga aylantiradi. Yusuf alayhissalom gaplarini Alloh taolo xabar beradi:

«Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo‘rqib sabru qanoat qilsa, albatta Alloh
bunday chiroyli amallarni qiluvchi kishilarning ajru mukofotini zoe qilmas»
(Yusuf surasi, 90-oyat).

Junayd aytadilar: «Bir kun kechasi uyqum qochdi. O’z vazifamni qilgani turdim. Lekin oldingi halovatni topa olmadim. Uxlashni xohladim. Ammo uxlay olmadim. O’tirdim va o‘tirishga ham toqat qilolmadim. Tashqariga chiqdim. Bir kishi chakmonga o‘ralgan holda yo‘lda xorlanib yotardi. Meni sezib: «Ey Abul Qosim, menga vaqt ajratsangiz», dedi. Men: «Ey xo‘jam, kelishingizni va’dalashmagan edik», dedim. Shunda u kishi: «To‘g‘ri, lekin Alloh azza va jalladan men uchun qalbingizni harakatlantirmog‘ini so‘radim», dedi. Men u kishiga: «Batahqiq shunday bo‘ldi (ya’ni, uyqum qochib bezovtalandim). Menda nima hojatingiz bor?» dedim. Shunda u kishi: «Nafsning kasalligi qachon tuzaladi?» dedi. Men: «Agar nafs havosiga xilof bo‘lsa», dedim. Shunda u kishi nafslariga yuzlanib: «Eshitib ol. Mana shunday deb senga yetti marta javob berdim. Sen esa faqat Junayddan eshitaman, deb turib olding. Mana undan eshitding», dedi va jo‘nab ketdi.
Men u kishini tanimadim».

Yazid ur-Raqoshiy: «Dunyoda mendan sovuq suvni uzoq qilinglarki, shoyad undan oxiratda mahrum bo‘lmasam», dedilar. Bir kishi Umar ibn Abdulazizga aytdi: «Qachon gapirsam bo‘ladi?» U kishi: «Jim turishni xohlagan vaqtingda», dedilar. Yana: «Qachon jim turay?» deb so‘radi haligi kishi. «So‘zlashni xohlagan vaqtingda», dedilar.

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Kim jannatga mushtoq bo‘lsa, dunyoda shahvatlardan yuz o‘giradi». Molik ibn Dinor bozorlarda aylanib yurar ekanlar, agar u yerda ko‘ngillari tusaydigan narsa ko‘rsalar, o‘z nafslariga: «Sabr qil, seni bulardan faqat mendan ulug‘ligingdan man qilyapman», derdilar.

Demak, ulamolar va hukamolar oxiratning saodatiga faqat nafsni xohishidan qaytarish hamda shahvatlarga xilof ish bilan yo‘l topish mumkinligiga ittifoq qilishgan. Bunga iymon keltirish vojib. Ammo shahvatlarning qaysilarini tark qilish va qaysilarini tark qilmaslik tafsilotini faqat oldin keltirib o‘tgan narsalarimizdan bilish mumkin.

Abu Homid G‘azzoliy, “Ihyou ulumid-din”

0 муносабат

Мулоҳазалар пост қилувчиларнинг шахсий фикрларидир. Сайт маъмурияти улар учун жавобгар эмас.
Бўсаға
_TOGGLE Алоқадор линклар
 Қўшимча маълумот Мақолалар

Энг кўп ўқилган мақола Мақолалар:
Oramizdagi zino

_TOGGLE Мақола рейтингги
Ўртача баҳо: 5
Овозлар: 1


Илтимос, 2 секунд вақт ажратиб ушбу мақолага овоз беринг:

Ажойиб
Жуда яхши
Яхши
Оддий
Ёмон


_TOGGLE Опциялар

_TOGGLE Фойдаланувчилар

Хуш келибсиз Аноним

Исм
Парол


Аъзолар:
Охирги аъзо: square
Жами аъзолар: 740

Ҳозир сайтда 2 киши онлайн

_TOGGLE Кўп ўқилганлар

_TOGGLE RSS

_TOGGLE Сайтда излаш