(21.02.2010 14:00:00) | (89 марта ўқилди)
Bilingki, har bir inson o‘z aybidan bexabardir. Agar katta gunohlarni tark qilguncha nafsi bilan ozgina kurashib qolsa, nafsimni pokladim va xulqim chiroyli bo‘ldi, endi kurashishga hojat qolmadi, deb gumon qiladi. Shuning uchun husni xulqning alomatlarini izohlash lozim. Chunki husni xulq iymondir. Yomon xulq esa munofiqlikdir.Alloh taolo O’z kitobida mo‘minlarning ham, munofiqlarning ham sifatlarini zikr qilgan. Shu sifatlarning hammasi husni xulq va yomon xulqning samarasidir. Husni xulq zikr qilingan oyatlarni bilishingiz uchun ulardan keltiramiz. Alloh taolo aytadi:
1. «Darhaqiqat mo‘minlar najot topdilar. 2. Ular namozlarida (qo‘rquv va umid
bilan) bo‘yin eguvchi kishilardir. 3. Ular behuda-foydasiz (so‘z va amallardan)
yuz o‘giruvchi kishilardir. 4. Ular zakotni (ado) qilguvchi kishilardir. 5. Ular
avratlarini (haromdan - zinodan) saqlaguvchi kishilardir. 6. Magar o‘z jufti
halollaridan va qo‘llaridagi cho‘rilaridangina (saqlanmaydilar). Bas, ular
malomat qilinmaslar. 7. Endi kim shundan o‘zgani (ya’ni, zino va shu kabi
shariati islomiyada harom qilingan boshqa narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar
haddan oshguvchilardir. 8. Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan
omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi
kishilardir. 9. Ular (barcha) namozlarini (vaqtida ado etib, qazo bo‘lishdan)
saqlaguvchi kishilardir. 10-11. Ana o‘shalar Firdavs (jannati)ga merosxo‘r
bo‘lguvchi vorislardir. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar» (Mo‘minun surasi, 1-11-oyatlar).
Yana Alloh taolo aytadi:
«(Ular) tavba qilguvchilar (Allohning O’zigagina) ibodat qilguvchilar, shukr
qilguvchilar, ro‘za tutguvchilar, ruku’-sajda qilguvchilar, yaxshilikka
buyurguvchilar, yomonlikdan to‘xtatguvchilar va Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga doimiy rioya qilguvchi (mo‘minlar)dir. (Ey Muhammad
alayhissalom), bu mo‘minlarga jannat xushxabarini yetkazing!» (Tavba surasi,
112-oyat.)
Yana Alloh aytadi:
«Faqat Alloh (nomi) zikr qilinganida qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning
oyatlari tilovat qilinganida iymonlari ziyoda bo‘ladigan va yolg‘iz
Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilar haqiqiy mo‘mindirlar» (Anfol surasi,
2-4-oyatlar).
Yana Alloh taolo aytadi:
«Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar
ularga (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham «Omon bo‘linglar», deb javob
qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 63-oyat).
Qaysi bir insonga o‘zining holi mavhum bo‘lsa (ya’ni, qandayligini bilmasa), o‘z nafsini yuqoridagi oyatlarga ro‘para qilsin. Unda bu sifatlarning hammasi topilishi xulqining chiroyli ekani alomatidir. Bu sifatlarning hammasi yo‘q bo‘lishi xulqining yomon ekani alomatidir. Unda ushbu sifatlarning ba’zisigina topilishi husni xulqning ham ba’zisigagina ega bo‘lganiga dalolat qiladi. Unday kishi bor sifatini asrab, yo‘qlarini esa hosil qilish bilan mashg‘ul bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mo‘minni ko‘p sifatlar bilan sifatlaganlar. Bu
sifatlarning hammasi bilan chiroyli xulqlarga ishora qilib aytadilarki: «Mo‘min kishi o‘z nafsiga yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham yaxshi ko‘radi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisini hurmat qilsin», deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Yana Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Mo‘minlarning sifatlari husni xulq ekanligini ham zikr qilib aytdilarki: «Mo‘minlarning iymonda yetukroqlari ularning xulqda chiroyliroqlaridir». Yana aytdilar: «Agar mo‘minni jim turgan (ko‘p gapirishdan o‘zini tiygan) va viqorli holda ko‘rsangizlar, unga yaqinlashinglar, chunki unga hikmat talqin qilib turiladi». Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir insonni qilgan yaxshiliklari xursand qilsa va yomonliklari xafa qilsa, u mo‘mindir», dedilar (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari).
Yana u zot alayhissalom aytdilar: «Mo‘min kishi uchun o‘z birodariga aziyat beradigan nazar bilan ishora qilishi halol bo‘lmaydi» (Ibn Muborak rivoyati). Yana Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi uchun boshqa musulmonni qo‘rqitishi halol bo‘lmaydi», dedilar (Bazzor zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Albatta ikki hamroh Alloh azza va jallaning omonati bilan o‘tiradi. Ularning biri birodariga u yomon ko‘radigan narsani fosh qilmog‘i halol bo‘lmaydi» («Suhbat odoblari kitobi»da kelgan).
Ba’zilar husni xulq alomatlarini jamlashgan. Aytishlaricha, husni xulqlilik hayosi ko‘p, aziyati oz, ezguligi ko‘p, tili rostgo‘y, so‘zi oz, amali ko‘p, toyilishi oz va keraksiz gapi yo‘q, yaxshilik qiluvchi, bordi-keldi qiluvchi, viqorli, sabrli, shukr qiluvchi, rozi bo‘luvchi, halim, muloyim, pokiza, shafqatli bo‘lmog‘idir. La’natlovchi, so‘kuvchi, chaqimchi, g‘iybatchi, shoshqaloq, ginachi, baxil va hasadgo‘y bo‘lmaslik, ochiq yuzli, xushmuomala, Alloh yo‘lida yaxshi ko‘radigan va Alloh yo‘lida yomon ko‘radigan bo‘lish husni xulqdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mo‘min va munofiqning alomati haqida so‘raldi. U zot alayhissalom: «Albatta mo‘minning tashvishi namozi, ro‘zasi va ibodati to‘g‘risida bo‘ladi. Munofiqning tashvishi esa chorvaga o‘xshab taomi va ichimligi to‘g‘risida bo‘ladi», dedilar (asli yo‘q hadis).
Xotam ul-Asom aytdilar: «Mo‘min fikr qilish va ibratlanish bilan mashg‘uldir, munofiq esa harislik va orzular bilan mashg‘uldir. Mo‘min Allohdan boshqadan umidini uzgan, munofiq esa Allohdan o‘zga har bir insondan umid qiluvchidir. Mo‘min Allohdan boshqadan qo‘rqmaydi, munofiq esa Allohdan boshqa har bir kimsadan qo‘rquvchidir. Mo‘min dini oldida molidan kechadi, munofiq esa moli oldida dinidan kechadi. Mo‘min yaxshilik qiladi va yana yig‘laydi, munofiq esa yomonlik qiladi va kuladi. Mo‘min xilvatni va yolg‘izlikni yaxshi ko‘radi, munofiq esa aralashishni va ko‘pchilikni yaxshi ko‘radi. Mo‘min ekadi va ekinga fasod yetishidan qo‘rqadi, munofiq esa ekinni yulib tashlaydi va keyin hosil yig‘ishni umid qiladi. Mo‘min boshqarish uchun buyurib-qaytaradi. Shuning uchun (xalq ishi) yaxshi bo‘ladi, munofiq esa raislik qilish uchun buyurib-qaytaradi. Shuning uchun (xalq ishi) fasod bo‘ladi».
Husni xulq sinab ko‘riladigan eng yaxshi narsa aziyatlarga sabr qilish va zulmlarga chidashdir. Kim sizga birovning xulqi yomonligidan shikoyat qilsa, ana shu o‘zining xulqi yomonligiga dalolat qiladi, chunki husni xulq aziyatlarga chidashdir. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ketayotgan edilar, Anas roziyallohu anhu ham u kishi bilan birga edilar. Bir a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib oldi va Rasulullohni (ya’ni, to‘nlaridan) qattiq tortdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ustilarida chekkasi dag‘al bo‘lgan najroniycha to‘n bor edi. Anas roziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bo‘yinlariga qaradim. Qattiq tortganligidan bo‘yinlarida to‘nning chekkasi iz qoldirgan edi. Haligi a’robiy: «Ey Muhammad, huzuringdagi Allohning molidan menga ham ber», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga o‘girilib qaradilar va kuldilar. So‘ngra unga moldan berilishini buyurdilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Quraysh qavmi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat berishni va urishni
ko‘paytirib yuborgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim, qavmimni kechirgin, chunki ular bilmaydilar», deb duo qildilar (Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyatlari).
Bir rivoyatda bu duolari Uhud jangida bo‘lgan edi, deyilgan. Shuning uchun Alloh taolo mana bu oyatni nozil qildi:
«Albatta siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam surasi, 4-oyat).
Abu Homid G‘azzoliy, “Ihyou ulumid-din”
- Мавзу: Жами
Алоқадор линклар 
Аъзолар:
Охирги аъзо:
Жами аъзолар: 740
Мақолалар