Qurbonlik - 1430
(08.11.2009 04:18:10)

Assalomu alaykum, hurmatli mo'min- musulmonlar.

Kelayotgan muborak Qurbon hayiti bilan barcha musulmonlarni, xususan, yurtimiz ahlini chin qalbimizdan tabriklaymiz. Alloh bu bayramni bizlar uchun xayrli va ezgu ishlarga vasila bo'ladigan bayramlardan qilsin.

Ko'pchiligingizga ma'lumki, UzIslam.Com sayti mutasaddilari siz azizlar bilan hamkorlikda bir necha yillardan beri "Qurbonlik Dasturi"ni uyushtirib kelmoqda. Bu yil ham ushbu savobli ishni davom ettirish fursati keldi. Alloh rizoligi uchun qurbonlik ibodatini ado qilishni niyat qilgan mo'minlarga yordamchi bo'ladigan ushbu dasturda ishtirok etishni barcha istaganlarga Robbimiz nasib qilsin.

Bu yilgi dasturga qo'shilish to'lovi 95 dollar deb belgilandi. O'tgan yillardagi kabi bu yil ham qora mol so'yish ma'qul ko'rildi. Hanafiy mazhabimiz hukmiga ko'ra, bir mol uchun 7 kishi sherik bo'lishi mumkin.

Mablag' to'plangach, quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

  • Qora mollarni bozordan sotib olish;

  • Hayit namozi o'qilgandan keyin ibodatli, namozxon birodarlar boshchiligida hissadorlarning atagan qurbonliklarini shariatga muvofiq so'ydirish;

  • Go'shtlarni pokiza, sanitariya shartlariga muvofiq bo'lgan go'sht markazida parchalatish;

  • Parchalangan go'shtlarni hissadorlarga teng taqsimlagan holda xaltalarga solish;

  • Xaltalardagi hissadorlarning ulushini Toshkent shahri bo'ylab tegishli manzillarga yetkazish.

Qurbonlik-1430 dasturi bo'yicha savollaringizni forumning ushbu mavzusida muhokama qilishingiz yoki axborot @ uzislam.com manziliga yo'llashingiz mumkin. Qo'shimcha ma'lumotlarni (+99897) 411-21-10 raqamiga (Abror) qo'ng'iroq qilib olishingiz ham mumkin.


Ko'p so'raladigan ba'zi savollarga qisqacha javoblar:

Savol: Dasturda ishtirok etish uchun berilgan pullarning hammasiga qora mol olinadimi?

Javob: Yo'q. Berilgan 95 dollar "90$ + 5$" ko'rinishida bo'linadi: 90 dollariga qora mol olinadi, 5 dollari esa qora molni so'ydirish, go'shtlarni parchalash, xaltalash kabi faoliyatlar uchun sarflanadi.

Savol: Dastur ishtirokchilariga tahminan qancha go'sht tegadi?

Javob: Qurbonlik, avvalo, Allohning rizoligini ko'zlab qilinadigan ibodatdir. Shuning uchun, avvalo, niyatni go'shtga emas, balki Allohning rizoligiga sazovor bo'lish uchun deb tayin qilish kerak. Undan keyin hissadorlarga tegadigan ulush quyidagicha bo'ladi. Belgilangan summa 180 kg. atrofidagi buqa narxidan kelib chiqqan holda tayinlandi. Go'shtning 1/3 qismini kambag'al-bechoralarga tarqatish uchun dastur tashkilotchilari olib qoladilar, qolgan 2/3 qismi esa hissadorlarga yetkaziladi. Ya'ni:
  • 180/7 = 25.5 kilo (ya'ni har bir buqaga 7 kishi sherik bo'lib so'yilgan holatda);

  • 25.5 ning 1/3 qismi bu 8.5 kg. demakdir. Ushbu 8.5 kg. go'sht dastur tashkilotchilarida qoladi;

  • Qolgan 17 kg. go'sht xaltalarda hissadorga yetkaziladi.

Savol: Eshitishimga qaraganda, avvalgi yillarda o'tkazilgan dastur qatnashchilarining ba'zi birlariga mol go'shti o'rniga qo'y go'shti yetkazilgan ekan. Buning sababi nimada?

Javob: Ma'lumki, dastur tartibiga ko'ra 7 kishi bir molga sherik bo'ladi. Aytaylik, dastur ishtirokchilari 30 kishini tashkil qildi. Bu holda, dasturda qatnashish istagini bildirgan birinchi 28 talabgor 7 kishidan sherik bo'lgan holda 4 ta guruhga ajratiladi. Qolgan 2 kishi uchun esa ikki xil variant taklif qilinadi: ular alohida bir butun molga ikki teng huquqli sherik bo'lishlari yoxud alohida-alohida ikki qo'y so'ydirishlari mumkin. Birinchi holatda har bir kishi bir mol narxining yarim pulini to'lashi kerak bo'ladi. Ikkinchi holatda esa har bir ishtirokchi uchun 95$ (xizmat haqi bilan) qiymatga teng keladigan bir qo'y qurbonlik uchun so’yiladi. Qoramol so’ydirish hissadorlar uchun moliyaviy jihatdan og’irlik qilsa, qo’y so’ydirish tashkilotchilar uchun muayyan qiyinchiliklar tug'diradi. Ammo savob ishni oxirigacha yetkazish maqsadida dastur ishtirokchilari ma'qul deb topgan usul bo'yicha ish ko'ramiz. Shu o'rinda ta'kidlab o'tish lozimki, biz uchun dasturda ishtirok etuvchilar sonining to'liq holatda 7+7+…+7+7 shaklda bo'lishi afzaldir.

Savol: Nima sababdan 1/3 hissani dastur tashkilotchilari olib qolishadi. Hammasini hissadorlarga berish mumkin emasmi?

Javob: Bu dasturni amalga oshirish juda katta xizmat va mehnatni talab qiladi. Dastur ishtirokchilarining bu ishdagi yagona maqsadi qilingan xizmatlar vasilasida Allohning rizoligiga erishishdir. Hissadorlardan qoladigan 8.5 kg. go'shtning hammasi xaltalangan holda yetimxonalarga, yurtimiz ehtiyojmand hamda kambag'al mo'min-musulmonlariga tarqatiladi. Dastur ortida hech qanday moddiy manfaat ko'rish umid qilinmagan, faqat Allohning beradigan ajridangina umid bordir.



P.S. Avvalgi yillarda o'tkazilgan dasturlar haqida ma'lumot:

UzIslam.Com, http://www.uzislam.com