Hikmat tomchilari
(09.02.2010 14:00:00)

Islom dini yalqovlikni qoralaydi. Din ishlarida ham, dunyo ishlarida ham tanballikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Oxirat uchun ham, dunyo hayoti uchun ham halol ishlashga undaydi. Alloh taologa maqbul va mahbub bir shaklda yashash va ishlashga targ‘ib
qiladi.

* * *

Insoniylik islomiyat bilangina komil va to‘liq bo‘ladi. Islomiyatdan mahrum odamiylik komillikdan juda yiroq bo‘lgan bir noqislikdir.

* * *

Salafi solihinlarni ko‘zga ilmaydigan, hurmatini joyiga qo‘ymaydigan, odob
saqlamaydigan kimsalarning hayotida taqvo yo‘qdir. Zero, taqvo bo‘lmagan joyda odob, hurmat, rahmat bo‘lmaydi.

* * *

Musulmonning qalbi marhamat bilan to‘la bo‘lishi lozim. Musulmonning qalbida imon nuri bor. Imon nuri bor joyda rahm-shafqat, hurmat-izzat bo‘ladi.

* * *

Musulmon kishi birovga zulm qilmaydi, hech kimni aldamaydi. Musulmon kishi xiyonat va o‘g‘rilik qilmaydi. Musulmon hech kimsaning moliga, joniga, nomusiga ko‘z tikmaydi. Musulmon birovga nohaqlik qilmaydi; birov haqqini su’iiste’mol etmaydi. Musulmon musulmonga yordamchidir.

«Dunyoni ko‘r, sayr qil, ichiga kir, ammo dunyo sening ichingga kirmasin».

* * *

Islomiy vujuddagi har bir a’zoning o‘z vazifasi bor. Axir g‘oyamiz Alloh subhanahu va taoloning roziligi, islomiyatga, insoniyatga xizmat emasmi? Ana shunday ezgu o‘y-tushunchalar bilan yo‘lga chiqish naqadar a’lo! Hamma o‘ziga bino qo‘yib, boshqalarni yomonlayversa, ahil-inoqlik o‘rniga tafriqa, tarqoqlik yuzaga keladi.

* * *

Tasavvuf - taqvo bilan amal etish demakdir. Tasavvuf ahlining qalbi riyo, ujb, kibr, hasad va butun yomon xislatlardan xoli, tozadir. Mutasavvif o‘z ibodatiga, Allohga bo‘lgan sevgisiga teskari kelmagan dunyodan yuz o‘girmaydi. U ibodat payti ibodatini ado etadi, avrod payti avrod o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ladi, ish paytida esa ishlaydi. Ishlashdan maqsad shon-shuhrat, mansab, mavqe, boylik emas, balki insonlarga xizmat etish, ommaga foyda keltirishdir. Chunki omma manfaatini o‘ylash ham bir ibodatga kiradi.

Imom Sha’roniy, “Ibodat va zikr ahliga tavsiyalar”

UzIslam.Com, http://www.uzislam.com